UFCning amaldagi yarim o‘rta vazn chempioni Islom Maxachev o‘rta vazn toifasiga o‘tish imkoniyatini jamoasi bilan muhokama qilganini aytdi. Rossiyalik kerakli mushak massasini yig‘ish qiyinligini tushunadi, lekin uchinchi chempionlik kamarini qo‘lga kiritish urinishini istisno qilmaydi.
Islom Maxachev allaqachon UFCning uchinchi vazn toifasida o‘z kuchini sinab ko‘rishi mumkin! Rossiyalik chempion yarim o‘rta vazndan o‘rta vaznga o‘tish imkoniyatini jamoasi bilan muhokama qilganini tasdiqladi.
Buni sportchi O‘zbekistonda sambo bo‘yicha jahon chempionatida bo‘lganida Red Corner MMAga bergan intervyusida aytdi.
Maxachev yangi toifaga o‘tish haqidagi savolga hazilomuz javob berdi:
«O‘rta vaznchi bo‘lish uchun menga bir oy O‘zbekistonda o‘tkazib, palov yeyish kerak bo‘ladi», – deb hazil qildi rossiyalik.
Biroq hazil ortida jiddiy istiqbol turibdi. Islom bunday variantni haqiqatan ham jamoasi bilan muhokama qilganini tan oldi, lekin o‘tish uchun unga sezilarli miqdorda mushak massasini yig‘ish talab etiladi.
Hozirda Maxachev UFCning amaldagi yarim o‘rta vazn chempioni hisoblanadi va avval yengil vazn toifasida ham kamar egasi bo‘lgan.
O‘rta vazn divizionidagi g‘alaba uni tarixda birinchi bo‘lib UFCning uchta vazn toifasida chempion bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, hozircha yakuniy qaror yo‘q. Rossiyalikning eng yaqin vazifasi – yarim o‘rta vazn kamarini himoya qilish bo‘lib, Karlos Prates va Maykl Morales uchrashuvining g‘olibi bilan bo‘ladi.